Ko'proq mahsulotlar
Kategoriyalar
Biz haqimizda
“SILK ROAD PUBLISHING” nashriyoti 2018 yildan noshirlik faoliyati bilan shugʻullanib kelmoqda. Nashriyotda asosan, maʼrifiy-madaniy, ilmiy-ommabop, adabiy-badiiy, ijtimoiy-publitsistik yoʻnalishdagi adabiyotlar nashr etiladi. Nashriyot jamoasida dunyoqarashi keng, zamon bilan hamnafas fikrlaydigan 10 ga yaqin yosh isteʼdodli mutaxassislar, hamda shtatdan tashqari tarjimonlar jamoasi, chetdan taklif etilgan maslahatchi mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Nashriyotda yiliga 20 dan ortiq nomdagi kitoblar oʻzbek, rus, ingliz va xitoy tillarida chop etiladi. Bugunga kelib nashr etilgan kitoblarning adadi 50 000 nusxani tashkil etdi. Nashriyot sifat va mazmun uygʻunligini shior qilgan holda faoliyat olib borishi muntazam ravishda oʻz natijasini berib kelmoqda. Nashriyot shu oz fursat ichida chet elda 2 ta vakolatxona ochdi.
Shuningdek, “SILK ROAD PUBLISHING” nashriyoti Xitoy Xalq Respublikasining yirik nashriyot va mualliflari bilan tarjima asarlar chop etish borasida yaqindan hamkorlik yuritib kelmoqda. Xitoyning B&R Book Program, China Classics International, BIBF, Buyuk ipak yoʻli kutubxonasi kabi loyihalari doirasida kitoblar chop etib kelmoqda. Nashriyotning xalqaro loyihalardagi ishtiroki The Commercial Press, Duzhe Press, Shandong Science and Technology Press, Shanghai Scientific & Technical Publishers kabi nashriyotlarning olqishiga sazovor boʻldi. 2024 yil sentyabrda Samarqand shahrida oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti chogʻida “SILK ROAD PUBLISHING” nashriyotida chop etilgan asarlar yangi besh yulduzli mehmonxonalarda delegatsiya aʼzolariga taqdim qilindi. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining Yevropa Ittifoqidagi elchisi Vang Yivey qalamiga mansub, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusiga bagʻishlangan “Сквозной мир” asari katta qiziqishga sabab boʻldi. “Jenmin jibao” roʻznomasining 2022-yil 24-sentyabr sonida nashriyot faoliyatiga doir maqola chop etilib, unda “SILK ROAD PUBLISHING” nashriyotining ikki mamlakat oʻrtasida madaniy aloqalar oʻrnatish yoʻlida olib borayotgan ishlari yuksak baholandi.
Nashriyot tarjima asarlar chop etish barobarida oʻzbek adabiyoti durdonalarini chet tillarga oʻgirish, boshqa mamlakatlarda ularning taqdimotlarini uyushtirish bilan ham shugʻullanadi. Hozir Abdulla Qodiriy, Oʻtkir Hoshimov kabi taniqli adiblarimiz asarlari xitoy tiliga tarjima qilinmoqda. Xususan, 2024-yilning iyun oyida hajmi boʻyicha jahonda ikkinchi kattalikdagi Pekin kitob koʻrgazmasida nashriyot Oʻtkir Hoshimovning “Nur borki, soya bor” asarining xitoy tilidagi nashrini taqdim etdi.
“SILK ROAD PUBLISHING” nashriyoti kelgusida tarjima asarlar sonini yiliga oʻrtacha 100 taga yetkazib, bunda oʻzbek asarlarining chet tillarga tarjimasi ulushini oshirib borishni oʻz oldiga asosiy maqsad qilgan va bu borada qator loyihalar ishlab chiqqan.
“SILK ROAD PUBLISHING” nashriyoti bugungi kunda mualliflik huquqi daxlsizligiga katta urgʻu bergan holda, huquqbuzarlik, kitoblarni ruxsatsiz tarjima qilish va chop etish, elektron shakllarini tarqatishni qattiq qoralaydi. Shu boisdan ham raqobat notengligiga qaramay, mualliflik huquqlarini qonun doirasida shartnoma asosida xarid qilishni davom ettirmoqda. Tajribali tarjimonlar jamoasi, dizaynerlar, chet mamlakatlar bilan mustahkam aloqalar, muallif huquqlari borasida xorijiy yozuvchilar uyushmalari bilan hamkorlik – nashriyotning kuchli tomonlari deya eʼtirof etish mumkin.
Yangiliklar
    Tafsilotlarni to'ldiring va biz siz bilan bog'lanamiz
    Bog'lanish uchun

    Telefon
    +998338881688

    E-mail
    srpublishing.uzbekistan@gmail.com

    Manzil
    Toshkent shahri, Yashnabod tumadi, Elbek ko'chasi 146-uy, "Aviapark" biznes markazi, 3-qavat